ZARMED universiteti barcha kunduzgi ta'lim shaklida tahsil olayotgan talabalar diqqatiga akademik qarzdorlikni bartaraf etish maqsadida yozgi semestr darslari boshlanishini ma'lum qiladi. Universitet direktorining 2026-yil 11-iyundagi buyrug'iga muvofiq, o'zlashtirilmagan kreditlarni qayta o'qish va bilimlardagi bo'shliqlarni to'ldirish jarayonlari joriy yilning iyul oyida bo'lib o'tadi.
Muhim sanalar va to'lov miqdori
• Yozgi semestr davomiyligi: 2026-yil 1-iyuldan 31-iyulgacha etib belgilandi.
• Dars jadvallari (1, 3, 5, 7 va 9-semestrlar uchun): 2026-yil 1-iyuldan 15-iyulgacha shakllantiriladi.
• Dars jadvallari (2, 4, 6, 8 va 10-semestrlar uchun): 2026-yil 16-iyuldan 31-iyulgacha shakllantiriladi.
• To'lov miqdori: Kunduzgi ta'lim yo'nalishlarida 1 (bir) kredit qiymati 100 000 (bir yuz ming) so'm etib belgilandi.
Yozgi semestrda qatnashish tartibi
• Talabalar HEMIS tizimining (https://my.hemis.uz/) "O'zlashtirish" bo'limi orqali o'zlashtirmagan kreditlarini mustaqil aniqlashi va nazorat qilishi lozim.
• Darslar boshlanguniga qadar talaba o'ziga biriktirilgan edvayzer orqali institut direktori nomiga yozma ariza topshirishi kerak.
• Arizalar qabuli yozgi semestr darslari boshlanishidan 3 kun oldin to'xtatiladi.
• Shartnoma shakllantirilgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida to'lovni amalga oshirish shart.
• Muayyan fandan guruh tashkil etilishi uchun kamida 10 nafar talaba to'lov qilgan bo'lishi talab etiladi.
• Talabalar soni 10 nafardan kam bo'lgan holatda universitet tashabbusi bilan darslar masofaviy (onlayn) shaklda tashkil etilishi mumkin.
Imtihon qoidalari va GPA talablari
• Yakuniy nazorat imtihonlari faqat belgilangan auditoriyalarda yoki kompyuter xonalarida an'anaviy (offlayn) shaklda o'tkaziladi.
• Masofaviy (onlayn) imtihon topshirish qat'iyan man etiladi, bu qoidani buzgan talabaga intizomiy choralar ko'riladi va hatto talabalar safidan chetlashtirilishi mumkin.
• Imtihonda "qoniqarsiz" baho (0-59,9 ball) olingan taqdirda qayta topshirishga ruxsat berilmaydi va talaba keyingi o'quv yilida fanni qayta o'qishiga to'g'ri keladi.
• Zarmed universitetida talabalarni kursdan kursga o'tkazish uchun yillik GPA minimal ko'rsatkichi 2,6 hisoblanadi.
• Agar talaba yozgi semestr imtihonlaridan o'ta olmasa va uning yillik GPA ko'rsatkichi 2,6 dan past bo'lsa, u tegishli kursni takror o'qish uchun o'z kursida qoldiriladi.
Barcha akademik qarzdor talabalardan ushbu imkoniyatdan unumli foydalanishlari va belgilangan muddatlarda tegishli tartib-qoidalarga amal qilishlari so'raladi.
Faylni yuklab olish:
https://drive.google.com/file/d/1AEOxp5B8MJfXf60BfKTr6fXerjWaxlsc/view?usp=drive_link